Skip to main content
  Reading time 2 minutes

Osteoxondroz – bu umurtqa pog`onasi xastaligi bo`lib, umurtqalararo disklarning deformatsiyasi (shakl o`zgarishi), qisqarishi, elastiklik xususiyatining kamayishi sababli yuzaga keladi. Kasallik asosan, bo`yin, ko`krak, bel va dumg`aza suyaklarida kuzatiladi. Umurtqa pog`onasi orasidagi umurtqalararo disklar suyakning egiluvchanligi, harakatlanishi va amortizasiyasini ta`minlaydi.

6-yillik-qizil-jenshen

 

Qayerdan paydo bo`ladi?

Osteoxondrozning birlamchi va ikkilamchi ko`rinishlari bor:

Birlamchi osteoxondroz yoshga moyil o`zgarishlar bilan kechib, disklarda degenerativ o`zgarishlar yuzaga kelishi bilan kuzatiladi. Bunda disk suyuqligi va ozuqasi kamayadi.
Ikkilamchi osteoxondroz esa umurtqa pog`onasidagi shikastlanishlar, yuqumli kasallik bilan og`rish hamda haddan tashqari jismoniy zo`riqish holatlari sabab paydo bo`ladi.

 

Qaysi umurtqa suyaklari harakatchan bo`lsa, o`sha erda xastalik kelib chiqishi ehtimoli ko`proqdir. Ayniqsa, bel-dumg`aza va bo`yin sohasida osteoxondroz ko`p kuzatiladi.

Bo`yin-ko`krak osteoxondrozi – asosan, ikki kurak sohasida og`riq bo`lishi, qo`llarning uvishishi, bo`yinni yon tarafga harakatlantirganda og`riq qo`zg`alishi, chuqur nafas olganda va qattiq yo`talganda ko`krak qafasida og`riq kuchayishi bilan kuzatiladi. Og`riq qo`zg`algan vaqt ko`krakdan qo`ltiq sohasiga ham tarqalib boradi. Bu xastalik uzoq muddat bir xil holatda o`tirib ishlaydiganlar orasida keng tarqalganligi bilan farqlanadi.
Bel-dumg`aza osteoxondrozi – ertalab uyqudan uyg`onilgan vaqtda belning “qotib” qolishi, harakatlanish og`riqli kechishi, og`riq zo`rayganida beldan dumba sohasiga o`tib, oyoqning tashqi va orqa tomoniga tarqalib, boldirgacha cho`zilishi bilan kuzatiladi. Kasallikning bu turi aksariyat hollarda og`ir jismoniy mehnat bilan shug`ullanuvchilarda ko`proq uchraydi.

 

Kimga murojaat qilish lozim?

Osteoxondroz kasalligiga tashxis qo`yishda nevrolog va vertebrolog shifokorlar ko`rigidan o`tiladi. Bunda umurtqa pog`onasi suyaklarining umumiy holati o`raganilib, rentgen, magnit-rezonans tomografiyasi tekshiruvlari buyuriladi. Osteoxondroz sababli bosh miyaga boruvchi tomirlar bo`yindan siqib qo`yilgan bo`lsa, doplerografiya tekshiruviga ham yo`llanma berilishi mumkin.

 

Sog`ayish mumkin!

Shifokor ko`rsatmasi hamda tahlil natijalariga ko`ra, kasallik holati aniqlanib, tegishli muolaja turi tanlanadi. Bular og`riqni qoldiruvchi, yallig`lanishga qarshi dori-darmonlar, fizioterapiya muolajalari hamda davolash gimnastikasi ko`rinishida amalga oshiriladi. Og`riq xuruj qilgan vaqt isitish muolajalari, issiq vanna, uqalash harakatlarini bajarish tavsiya etilmaydi. Bu og`riqni zo`raytirishi mumkin. Bunday paytda harakatni cheklash va qattiq o`rinda yotish kerak.

 

Sog`lom bo`lay, desangiz…

Har kungi badantarbiya mashqlarini kanda qilmang. Ertalab 15-20 daqiqalik jismoniy mashqlar uchun vaqtingizni ayamasangiz, turli muammolardan xoli bo`lasiz. Qolaversa, suvda suzish mashg`uloti ham umurtqa pog`onasi qiyshayishining oldini olishi bilan e`tiborlidir. U, ayniqsa, ayollar uchun ko`proq tavsiya etiladi. Shu bilan birga raqs harakatlarini bajarish ham katta naf beradi. Kun davomida kamharakatlilik va bir joyda uzoq harakatsiz o`tirishdan saqlaning.

 

Bu muhim!

Osteoxondrozga befarq bo`lib, muolajalarni oxiriga etkazmay, yaxshi davolanmasangiz, bu disk churrasining rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

 

Muallif: Fayzullaxon Shukurov

6 yillik Koreya qizil jenshen 365